4
3
2
1
SHAPKA BANNER
test2

UMIDIMIZ YULDUZLARIGA_2019_4-SON

Tohir MALIK,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi

 

UMIDIMIZ YULDUZLARIGA

 

 

 

 

      Biri biridan aqlli, biri biridan chiroyli, biri biridan shirin bolajonlar, assalomu alaykum. Sizlarni Allohning panohida sog‘ va omon ulg‘ayib, baxtli va saodatli bo‘lishlaringizni tilayman. Bugun ertalab sizlarni ayangiz peshonangizdan o‘pib, erkalab-erkalab uyqudan uyg‘otdilar. Nonushtaga shirin taom pishirib qo‘ygan ekanlar, mazza qilib ovqatlandinglar. Shundan keyin kichiklaringiz bog‘changizga, kattaroqlar esa maktablaringizga shoshildingizlar. Sizlarni hamma yaxshi ko‘radi. Uyda opa-akalaringiz, ada va ayalaringiz, bobo va buvilaringiz, bog‘chada bog‘cha opalaringiz, maktabda ustozlaringiz sizlarni erkalashadi. Buning sababi – sizlar faqat bir oilaning emas, ozod va obod mamlakatning erka farzandisizlar. Bugun siz bog‘changizda “O”, “N”, “A” harflarini o‘rganib, suratlarni bo‘yab chiqdingiz. Maktabdagilar esa so‘zni so‘zga qo‘shib “O‘zbekiston – Ona Vatanim”, degan gapni tuzishni o‘rganishdi. Bugun siz bog‘chada o‘yinchoqlar o‘ynadingiz. Kubiklardan uylar qurdingiz. Maktabda chiroyli shaharlarning suratlarini chizishdi, matematikadan qiyin tenglamalarni yechishni boshlashdi. Bugun sizdan “Ulg‘ayganingda kim bo‘lasan?” deb so‘rashsa, biringiz “Shifokor”, biringiz “Uchuvchi”, biringiz “Dizayner”, ba’zilaringiz hatto “Prezident bo‘laman”, deb javob berasiz. Samolyotlarda uchishni, Amerikaga yoki Hindistonga safar qilib, o‘ynab yurishni orzu qilasiz.
         Bular shunchaki gaplar emas, balki yaqin yillarda amalga oshadigan orzulardir. Bugun bog‘chada o‘ynayotgan yoki maktabda “O‘qish kitobi” o‘qiyotgan bolajonlar ulg‘ayganlarida, albatta, birlari shifokor, birlari general, yana birlari Bosh vazir va hatto mamlakatimiz Prezidenti bo‘ladilar. Bugun kubikdan uychalar qurayotgan bolajonlar yaqin yillarda go‘zal shaharlar quradilar, mashhur va mohir me’morlik martabasiga yetib, chizgan loyihalari bo‘yicha dunyoning eng katta shaharlarida eng go‘zal imoratlar quradilar. Parijda yoki Rimda sayohat qilib yurgan yaponiyalik yoki amerikalik sayyohlar “Bu ajoyib imoratning loyihasini kim chizib  bergan ekan?” deb so‘rashganida, “Shuni ham bilmaysizmi, bu o‘zbekistonlik mashhur me’mor Ma’murjon Abdullayevning ishi”, deb faxr bilan gapiradilar. Siz ulg‘ayganingizda Amerikaga yoki Hindistonga faqat o‘ynagani bormaysiz, balki O‘zbekistonning Favqulodda va muxtor elchisi martabasida borib xizmat qilasiz. Yoki dunyoning eng nufuzli universitetlarida Xorazmiy, Beruniy, Farg‘oniy singari ulug‘ allomalarning munosib avlodlari, ilmiy an’analarining davomchilari sifatida italiyalik yoki angliyalik yoki kanadalik talabalarga oliy matematika yoki yadro fizikasi fanlaridan dars berasizlar. Bugun maktabning ikkinchi sinfida o‘qiyotgan Mashhuraxon Yorqinovaning nomini 2050-yildagi O‘zbe-kiston Prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatida ko‘ramiz. Bular xomxayol mahsuli emas, bo‘lajak haqiqat!
Ha,  siz – aqlli  va  aziz  bolajonlarimizni ana shunday nurli kelajak kutyapti. Bu orzularga osonlik bilan yetilmaydi. Orzular-ga yetishning o‘z sharti bor. Shulardan eng birinchisi – mustaqil respublikaning erkin farzandi ekaningizni hozirdanoq anglab  yetishingiz va faxrlanishni o‘rganishingiz kerak bo‘ladi. Ikkinchisi – shu ozod Vataningizning kelajakda buyuk davlat martabasiga yetishiga, eng ilg‘or va taraqqiy etgan mamlakatlar safidan munosib joy olishiga astoydil ishonishingiz lozim bo‘ladi. 
        Orzularingizga  yetishingiz uchun faqat a’lo baholarga o‘qiysiz, “O‘qib-o‘qib o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan – o‘ziga zolim”, degan maqolni o‘zingizga shior qilib  olasiz, yaxshi hunarlarni egallaysiz. Yolg‘on gapirmaysiz, chaqimchilik qilmaysiz. Albatta sport bilan shug‘ullunasiz, ham jismingizni, ham ruhingizni chiniqtirasiz. Ko‘p kitob o‘qiysiz, tarixda o‘tgan ulug‘ bobolarimizning fazilatlarini o‘rganib, o‘zingiz ham shunday ulug‘lar qatoridan joy olish uchun intilasiz. Faqat ota va onangizning emas, ustozlaringizning, dono do‘stlaringizning ham nasihatlariga amal qilasiz. 
Men sizlarning ana shunday bo‘lishingizga ishonaman. Ota va onangiz, ustozlaringiz ham ishonadilar. Vatan va xalq sizning ulg‘ayishingizni umid ko‘zlari bilan kuzatib turadi. Chunki sizlar buyuk Vatanimizning  umid  yulduzlarisizlar.

 

Sizlarni  hamisha  sevuvchi 
va  ardoqlovchi  bobongiz. 
2019-yil  1-aprel