4
3
2
1
SHAPKA BANNER
test2

ORZULAR KELAJAKNI BELGILAYDI_2019_6-SON

Shavkat AYUPOV,
akademik

 

ORZULAR KELAJAKNI BELGILAYDI

 

        Men poytaxtimizdagi Shayxontohur tumani Alisher Navoiy nomli 40-maktabda (1-7-sinf) va 192-maktabda (8-10-sinf) rus tilida ta’lim olganman. Matematikaga qiziqish boshlang‘ich sinflarda o‘qiganimda boshlangan. Amakim Ahmad Ayupov qiziqarli savol va masalalar berib turardilar. Shular ta’sirida bo‘lsa kerak, menga ko‘proq aniq fanlar (fizika, matematika) yoqib qolgan. Keyinchalik, yuqori sinflarda maktab, tuman, shahar, respublikada matematika, fizika, kimyo olimpiadalarida qatnashdim. 9-sinfda respublika matematika olimpiadasida g‘olib chiqib, Novosibirsk shahridagi yozgi fizika-matematika maktabiga yo‘llanma oldim. Shundan so‘ng matematik bo‘laman, degan qarorga keldim. Maktabni oltin medal bilan tamomlab, 1969-yil Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) mexanika-matematika fakulteti talabasi bo‘ldim.
     Shuni unutmangki, bolalikdagi orzular kelajakni  belgilaydi.  Faqat  o‘sha  orzularga sodiq bo‘lish va intilish kerak. Oldingizga maqsad qo‘ydingizmi, unga erishish uchun tinmay o‘qing, mehnat qiling. Men 9-sinfdan boshlab, matematikadan masala va misollar yechardim. Oliy matematikaga oid darsliklarni ham o‘qirdim. Maktabdagi boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishga harakat qilganman. Keyinchalik o‘sha fanlardagi bilimim juda kerak bo‘ldi. Afsuski, ba’zi yoshlar bir fanga butun kuchini sarflaydi. Boshqa fanlardan deyarli bilim olmaydi. Natijada dunyoqarashi juda tor bo‘lib qoladi. 
      Muvaffaqiyatning yana bir sababi – maktabdanoq ko‘proq xorijiy tillarni o‘rganish. Dadam Abdulla Ayupovning maslahati bilan 5-sinfdan ingliz tilini yaxshi o‘rgandim. Maktabni bitirganimda ingliz tilini mukammal bilar edim. Bular keyinchalik ilmiy faoliyatimda hal qiluv-chi rol o‘ynadi. Sababi – ilmiy maqolalar, konferensiya va anjumanlarning aksariyati rus va ingliz tilida bo‘lardi. Til bilishim tufayli juda ko‘p xorijiy ilmiy markaz va universitetlarda safarda bo‘lganman. Ilmiy ishlarim va kitoblarim ham ingliz tilida nashr etilgan.
Butunjahon fanlar akademiyasi, Amerika matematika jamiyati, Italiyadagi Xalqaro nazariy fizika markazi kabi nufuzli jamiyatlarga a’zo bo‘lganman.
      G‘unchaoy o‘quvchilariga asosiy maslahatim: maktab yillaridan imkon boricha unumli foydalaning, bunday fursat takrorlanmaydi. Maktabda, talabalikda diplom olishga emas, – balki BILIM olishga intiling!
      Ahmad amakim 2-sinfdaligimda bergan jumboqni jajji jurnalxonlarga havola etmoqchiman:
Bir o‘quvchi bozordan o‘quv qurollari sotib oldi: qalamlar, daftarlar va albomlar. Hammasi bo‘lib 100 dona buyum sotib olib, roppa-rosa 5 so‘m to‘ladi (o‘sha yillardagi narxlarda). Bir qalamning narxi 1 tiyin, daftar narxi 10 tiyin, albom  narxi  50  tiyin.

Savol: o‘quvchi nechta qalam, nechta daftar va nechta albom sotib oldi? Toping-chi!